Tago / Maxfiylik siyosati
Maxfiylik siyosati
Oxirgi yangilanish: 24.10.2026
Bu hujjat Tago.uz sayti va Tago mobil ilovasi (keyingi o‘rinlarda “Sayt”) qanday shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ishi, ulardan nima uchun foydalanishi, qayerda va qancha saqlashi hamda ularni qanday himoya qilishini tushuntiradi. Ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘RQ-547) muvofiq qayta ishlanadi.
1. Qanday ma’lumotlarni yig‘amiz
- Telegram orqali kirganingizda: Telegram ID raqamingiz, ismingiz va familiyangizning bosh harfi. Telegram telefon raqamingiz, foydalanuvchi nomingiz va kontaktlaringizni Saytga bermaydi.
- Google orqali kirganingizda: Google hisobingizning ichki raqami (ID), ismingiz va familiyangizning bosh harfi. Elektron pochta manzilingiz saqlanmaydi.
- iPhone ilovasida Apple orqali kirganingizda: Apple bergan ichki raqamdan olingan kod (ID), birinchi kirishda Apple ism bersa, ismingiz va familiyangizning bosh harfi. Elektron pochta manzilingiz saqlanmaydi.
- Profilingizda o‘zingiz ixtiyoriy kiritadigan ma’lumotlar: profil rasmi yoki tayyor rasm, ism, shahar, o‘zingiz haqingizda qisqa gap, telefon raqam, tug‘ilgan yil, jins, ularning har biri boshqalarga ko‘rinsinmi degan sozlama va Telegram xabarlari sozlamasi. Ularni istalgan vaqtda o‘zgartirish yoki o‘chirish mumkin.
- Siz o‘zingiz joylagan narsalar: hisobotlar (matn, safar sanasi, yo‘l holati, baho, xohlasangiz joy koordinatasi va rasmlar), manzaralar (nomi, izoh, koordinatasi va rasmlar), rasm postlari (rasm, izoh va joy nomi), manzaralarga sharhlar va ilovada yozib joylagan treklaringiz.
- Saytdagi faolligingiz: kimga obuna bo‘lganingiz, “like” va “Hurmat” belgilari, “Men ham bordim” belgilari, shikoyatlaringiz va bloklagan foydalanuvchilaringiz. Siz joylagan narsani necha kishi ochgani faqat son sifatida hisoblanadi.
- Klublar: o‘zingiz ochgan klub (nomi, logosi, tavsifi, sport turlari, ochilish sababi, ochiq yoki yopiqligi), qaysi klublarga a’zo bo‘lganingiz yoki qo‘shilishni so‘raganingiz va klubga ulashgan rasm va faoliyatlaringiz. Chellenjlardagi natijalaringiz va olgan nishonlaringiz.
- Rasmlar yuklanganda kichraytiriladi va qayta saqlanadi, shuning uchun ulardagi GPS va qurilma ma’lumotlari (EXIF) saqlanmaydi. Manzara joyini oldindan belgilash uchun ilova rasmdagi GPS’ni faqat telefoningizning o‘zida o‘qiydi.
- Rozilik bergan sanangiz va hujjat versiyasi, Saytga oxirgi kirgan vaqtingiz.
- Telegram orqali kirishni boshlaganingizda, juda ko‘p urinishlarni to‘xtatish uchun IP manzilingizdan qisqa kod yasaladi, undan manzilni qayta tiklab bo‘lmaydi. IP manzilning o‘zi saqlanmaydi. Kod bir soat o‘tgach, navbatdagi kirishlar bilan birga o‘chiriladi.
2. Cookie va qurilmangizda saqlanadigan narsalar
- Sayt faqat bitta zarur cookie ishlatadi: kirganingizni eslab qolish uchun. U imzolangan va 90 kun amal qiladi. Reklama va kuzatuv cookie’lari ishlatilmaydi.
- Til tanlovi, saralangan treklar va safar boshlanish joyi faqat brauzeringizda saqlanadi va bizga yuborilmaydi.
- Tashriflar statistikasi cookie’siz va IP manzilsiz yig‘iladi: qaysi sahifa necha marta ochilgani, kuniga, haftasiga va oyiga necha kishi kirgani va qayerdan kelgani (masalan, Google yoki Telegram). Buning uchun brauzeringizda faqat oxirgi hisoblangan sanalar saqlanadi. Bu ma’lumot sizga bog‘lanmaydi.
- Hozir Saytda nechta odam borligini bilish uchun har bir ochiq oyna tasodifiy raqam yuboradi. U sizga bog‘lanmaydi va 10 daqiqada o‘chiriladi.
3. Ma’lumotlardan nima uchun foydalanamiz
- Saytga kirish va hisobingizni boshqarish.
- Joylagan narsalaringiz yonida muallif sifatida ismingizni ko‘rsatish, ball, reyting va “Oy sayrchisi” o‘rinlarini hisoblash.
- Chellenjlar: natijangiz yozib joylagan treklaringiz (yoki “Men ham bordim” belgilaringiz) bo‘yicha hisoblanadi. Chellenj reytingida ismingiz, rasmingiz va faqat natija soni (masalan, km yoki metr) hammaga ko‘rinadi; GPS chizig‘i ko‘rsatilmaydi. Olgan nishonlaringiz profilingizda ko‘rinadi.
- Klublar: ochiq klub a’zolari ro‘yxati (ism va rasm) klubni ko‘ra oladigan hammaga ko‘rinadi, yopiq klub a’zolari ro‘yxati va lentasini esa faqat uning a’zolari ko‘radi. Qo‘shilish so‘rovlarini faqat klub egasi ko‘radi. Yangi klub hammaga ko‘rinishidan oldin Tago tomonidan tekshiriladi.
- Ilovadagi bildirishnomalar ro‘yxati (qo‘ng‘iroqcha): kim sizga obuna bo‘lgani, like yoki “Hurmat” bosgani, klub va chellenj xabarlari. Ular 90 kun saqlanadi.
- Joylangan narsalarni tekshirish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish va suiiste’mollarning oldini olish (masalan, kunlik cheklovlar).
- Siz o‘chirmaguningizcha, sayt boti sizga Telegram’da xabar yuboradi: hisobotingiz saytga chiqqanda, kimdir “like” yoki “hurmat” bosganda.
- Xatolarni tuzatish: Saytda yoki ilovada xato yuz bersa, admin Telegram’da xabar oladi. Unda xato matni, qurilma turi va, kirgan bo‘lsangiz, ismingiz va profil havolangiz bo‘ladi.
- Tago yuzni tanish texnologiyasidan foydalanmaydi va rasmlardan yuz shablonlarini yasamaydi.
4. Nima hammaga ko‘rinadi
- Ismingiz (ism va familiyaning bosh harfi), profil rasmi, shahar, o‘zingiz haqingizdagi qator, profil sahifangiz, ballaringiz va obunachilar soni.
- Darhol ko‘rinadi: rasm postlari, manzaralarga sharhlar, profil rasmi va profilga joylangan treklar. Admin tasdiqlagandan keyin ko‘rinadi: hisobotlar, manzaralar va trekni “Treklar”ga qo‘shish taklifi. Tasdiqlanmagan hisobot va manzara rasmlarini faqat o‘zingiz va admin ko‘radi.
- Telefon raqam faqat o‘zingiz yoqsangiz va faqat Tago’ga kirgan odamlarga ko‘rinadi. Tug‘ilgan yil hech kimga ko‘rsatilmaydi; o‘zingiz yoqsangiz, faqat yoshingiz ko‘rinadi. Jins ham faqat o‘zingiz yoqsangiz ko‘rinadi.
- Joylashuvingiz hech kimga ko‘rsatilmaydi. Faqat o‘zingiz joylagan trek, manzara yoki hisobotdagi joy hammaga ko‘rinadi.
- Telegram ID raqamingiz hech qayerda ko‘rsatilmaydi: profil manzili tasodifiy raqam bilan yasaladi.
5. Ma’lumotlarni kimga beramiz
- Ma’lumotlaringiz sotilmaydi va reklama uchun berilmaydi.
- Sayt ishlashi uchun texnik xizmatlardan foydalaniladi: Cloudflare (hosting, ma’lumotlar bazasi va rasmlarni saqlash), Telegram va Google (kirishni tasdiqlash, adminga xato xabarlari) ilova bildirishnomalari uchun Expo, Google va Apple, ilova yangilanishlari uchun Expo. Cloudflare xavfsizlik maqsadida IP manzilni qisqa muddat qayta ishlashi mumkin.
- Qonunda belgilangan hollarda ma’lumotlar vakolatli davlat organlariga beriladi.
6. Tago mobil ilovasi
- Ilovada Sayt bilan bir xil hisob ishlatiladi va shu hujjat unga ham taalluqli.
- Ilova so‘raydigan ruxsatlar: joylashuv (xaritada o‘zingizni ko‘rish va trek yozish), kamera va rasmlar (manzara, hisobot, post va profil rasmi uchun), bildirishnomalar. Ruxsat bermasangiz, faqat shu imkoniyat ishlamaydi.
- Kirganingizni eslab qolish uchun ilova telefonning himoyalangan xotirasida bitta kirish kalitini saqlaydi (90 kun amal qiladi). Chiqqaningizda u o‘chiriladi.
- Joylashuvingiz (GPS) telefoningizda xaritada o‘zingizni ko‘rish va trekdan chiqib ketganingizni bildirish uchun ishlatiladi. Quyidagi trek yozuvidan tashqari u bizga yuborilmaydi va saqlanmaydi.
- Trek yozuvi faqat siz uni o‘zingiz boshlaganingizda yoqiladi va to‘xtatmaguningizcha davom etadi. Ekran o‘chiq bo‘lsa ham yozish davom etadi, bu paytda telefonda bildirishnoma ko‘rinib turadi. Yozilgan trek (GPS chizig‘i, boshlanish va tugash vaqti) telefoningizda saqlanadi va faqat siz uni profilga joylasangiz yoki “Treklar”ga taklif qilsangiz Tago’ga yuboriladi. Joylangan treklar profilingizda hammaga ko‘rinadi, ularni istalgan vaqtda o‘chirishingiz mumkin. Admin tasdiqlagan taklif umumiy trekka aylanadi. Yugurish ham shunday yoziladi, lekin uning boshlanish va tugash joyi atrofidagi 200 metr (ko‘pincha uyingiz) Tago’ga joylashda kesib tashlanadi va serverda saqlanmaydi (to‘liq yozuv faqat telefoningizda qoladi); profilda faqat qolgan chiziq, masofa, vaqt va har kilometr vaqti ko‘rinadi.
- Yozilgan treklar, yuklab olingan xaritalar, saralangan treklar va til tanlovi telefoningizda saqlanadi. Ularni o‘zingiz o‘chirguningizcha yoki ilovani o‘chirguningizcha telefonda qoladi.
- Ilova necha kishi uni ishlatayotganini hisob va qurilma raqamisiz hisoblaydi.
- Ilova ochilganda va unga qaytganingizda Expo (AQSh) serveridan ilovaning yangilanishi bor-yo‘qligini so‘raydi va bo‘lsa yuklab oladi. Bu kirmagan yoki bildirishnomaga ruxsat bermagan bo‘lsangiz ham ishlaydi. Bunda Expo IP manzil, ilova versiyasi, telefon turi (Android yoki iPhone) va ilova o‘rnatilganda yasalgan tasodifiy raqamni oladi. Ular hisobingizga bog‘lanmaydi va Expo’ning maxfiylik qoidalari bo‘yicha qayta ishlanadi.
- Bildirishnomalarga ruxsat bersangiz, telefoningizning bildirishnoma manzili (push token) saqlanadi. Bildirishnomalar Expo, Google yoki Apple xizmatlari orqali yetkaziladi. Chiqqaningizda yoki hisobni o‘chirganingizda bu manzil o‘chiriladi.
- Ilovada xato yuz bersa, uni tuzatish uchun bizga xato matni, ekran nomi, ilova versiyasi va telefon turi (Android yoki iPhone) yuboriladi. Kirgan bo‘lsangiz, ismingiz ham qo‘shiladi. Bu xabar admin Telegram chatiga boradi.
- Hisobingizni ilovaning o‘zida ham o‘chirish mumkin: “Profil” → “Sozlamalar” → “Ma’lumotlarim” → “Profilni boshqarish” → “Profilni o‘chirish”.
7. Qayerda saqlanadi va chet elga uzatish
- Ma’lumotlar bazasi va rasmlar Cloudflare, Inc. (AQSh) xizmatlarida saqlanadi. Shu sababli ma’lumotlaringiz O‘zbekiston hududidan tashqariga uzatiladi.
- Chet elga uzatish “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish to‘g‘risidagi 415-son qarori asosida amalga oshiriladi (bu qarorda AQSh uchun Data Privacy Framework ishtirokchilari ko‘rsatilgan).
- Cloudflare, Inc. Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi ma’lumotlar maxfiyligi doirasi (EU-U.S. Data Privacy Framework) ishtirokchisi. 2026-yil 7-oktabr holatiga ko‘ra uning holati: “Active — Re-certification under Review” (dataprivacyframework.gov). Bu Cloudflare’ning o‘z majburiyati bo‘lib, O‘zbekiston qonunchiligi talablarini o‘rnini bosmaydi.
- Ma’lumotlar internet orqali shifrlangan holda (HTTPS) uzatiladi. Ma’lumotlar bazasi va rasmlarni boshqarishga faqat Sayt ma’muriyati kira oladi.
- Ma’lumotlar sizib chiqsa yoki ularga ruxsatsiz kirilsa, vakolatli organga va sizga qonunda belgilangan muddatlarda xabar beramiz.
8. Qancha saqlanadi va qanday o‘chiriladi
- Ma’lumotlar hisobingizni yoki alohida narsani o‘zingiz o‘chirguningizcha saqlanadi.
- Yuklangan, lekin hisobot, manzara yoki postga qo‘shilmagan rasm (masalan, yuborish oxiriga yetmagan bo‘lsa) 7 kundan keyin avtomatik o‘chiriladi. Admin rad etgan yoki olib tashlagan manzaraning rasmlari 30 kundan keyin o‘chiriladi.
- Hisobni o‘chirsangiz, hisobingiz va joylagan hamma narsangiz (hisobotlar, manzaralar, postlar, rasmlar, treklar, sharhlar, obunalar, like’lar, shikoyatlar, bloklar, bildirishnomalar, siz ochgan klublar, klub a’zoliklari va ulashganlaringiz, chellenj natijalari va nishonlari, bildirishnoma manzillari va kirish kalitlari) bazadan darhol o‘chiriladi. Rasm fayllari shu zahoti o‘chirish navbatiga qo‘yiladi va odatda bir necha daqiqada, ko‘pi bilan taxminan bir kunda saqlash joyidan o‘chadi.
- O‘chirilgan rasm Saytda darhol ko‘rinmay qoladi. Lekin uni avval ochgan odamning brauzerida 7 kungacha, boshqalarning Tago ilovasida esa ilova xotirasi tozalanguncha nusxa qolishi mumkin.
- Sizning yurishingizdan yasalgan trek “Treklar”da qoladi, lekin ismingiz olib tashlanadi va u “Tago sayyohi” nomi bilan ko‘rsatiladi. “Oy sayrchisi” o‘rinlari ham ismsiz qoladi.
- Telegram kanalimizda (@tago_uz) siz joylagan narsa haqida chiqqan postlar avtomatik o‘chmaydi. Ularni o‘chirishni bizga yozib so‘rashingiz mumkin.
- Xatolar haqida adminga borgan xabarlar admin Telegram chatida qoladi. So‘rasangiz, ular ham o‘chiriladi.
- Ma’lumotlar bazasining texnik tiklash nusxalarida ma’lumotlar qisqa muddat (30 kungacha) qolishi mumkin. Ular ochiq ko‘rsatilmaydi va muddati o‘tgach o‘chadi.
- Telefoningizdagi narsalar (yozilgan treklar, oflayn xaritalar, saralangan treklar) hisob o‘chirilgandan keyin ham telefonda qoladi. Ularni ilovada o‘zingiz o‘chirasiz yoki ilovani o‘chirib tashlaysiz.
- Kirish cookie’si va ilovadagi kirish kaliti 90 kun amal qiladi. Hisob o‘chirilgach, ular bilan kirib bo‘lmaydi.
- Shaxsga bog‘lanmagan tashriflar soni muddatsiz saqlanadi.
9. Sizning huquqlaringiz
- Qanday ma’lumotlaringiz saqlanayotganini bilish va ularni tuzatishni so‘rash. Profildagi ma’lumotlarni o‘zingiz o‘zgartirasiz.
- Alohida narsani o‘chirish: postlar, treklar, sharhlar va profil rasmini o‘zingiz o‘chirasiz. Hisobot yoki manzarani o‘chirish uchun bizga yozing.
- Hisobni va hamma ma’lumotlarni o‘chirish: ilovada “Profil” → “Sozlamalar” → “Ma’lumotlarim” → “Profilni boshqarish” → “Profilni o‘chirish”; saytda “Mening sahifam” → “Tahrirlash” → “Ma’lumotlarimni o‘chirish”. Ilovaga yoki saytga kira olmasangiz, pastdagi Telegram manziliga yozing.
- Rasmingiz yoki shaxsiy ma’lumotingiz roziligingizsiz joylangan bo‘lsa, shikoyat qiling yoki bizga yozing: tekshirib, o‘chiramiz.
- Rozilikni qaytarib olish: buning uchun hisobingizni o‘chirish kifoya.
10. Yosh cheklovi va o‘zgarishlar
- Sayt 13 yoshdan katta foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan. Yoshi kichiklar ota-onasi roziligi bilan foydalanadi.
- Hujjat o‘zgarsa, yangi sanasi shu yerda ko‘rsatiladi. Muhim o‘zgarishlarda Sayt sizdan qayta rozilik so‘raydi.
Aloqa
Savollar, ma’lumotlarni tuzatish yoki o‘chirish bo‘yicha so‘rovlar uchun Telegram orqali yozing: @r_omonulloh
Maxfiylik siyosati · Foydalanish shartlari · Savollar · Hisobni o‘chirish · Tog‘da xavfsizlik · Rasm manbalari